← Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)
Oqish karrak
Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)
Yangi

Oqish karrak

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Cousinia candicans Juz.

Maqomi: 2. O‘zbekistonning janubiy hududga xos juda kamyob tur.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 70 sm gacha yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyasi yotiq-chalkash tukli, asosidan shoxlanuvchi, yakka kallakli. Barglari charmsimon, har ikki tomoni kulrang qalin tukli, uchi qattiq tikanli. Yopirma barglari qisqa bandli, cho‘ziq, yaprog‘ining chetlari yirik tishli yoki bo‘lakli. Savatchasi tuxumsimon, diametri 2 sm gacha, chalkash qalin tukli. O‘rama bargchalari tarvaqaylagan, qattiq, uchi uch qirrali tikanli. Toji to‘q qizil rangli. Urug‘lari dog‘li, deyarli uch qirrali. Iyun–iyul oylarida gullab, mevasi iyul–avgustda yetiladi.

Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Bobotog‘ tizmasida tarqalgan. Tojikistonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi ohaktoshlarda o‘sadi.

Soni: Tabiatda yakka-yakka holda tarqalgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Alohida muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [321, 324, 325, 327]. G‘. M. Shermatov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009