← Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)

Lepidolopha nuratavica Krasch.

Maqomi: 3. G‘arbiy Pomir-Oloyga xos areali bo‘lingan kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 80–100 sm ga yetadigan asosidan shoxlanuvchi yarim buta. Yillik shoxchalari to‘g‘ri, qalin tukli, pastki qismi bargli, yakka savatchali. Barglari ko‘kimtir-yashil, qisqa yotiq tukli, nuqtasimon bezchali, poyaning pastki qismidagi hamda mevasiz shoxlaridagi barglar qisqa bandli, uch bo‘lakli, poyaning yuqori qismidagi barglari esa bandsiz. Savatchalari mayda. O‘rama bargchalari silindrsimon, qisqa, yotiq tukli. Gullari sariq, bezchali. Urug‘i ham bezchali. Iyun–iyul oylarida gullab, mevasi avgust–sentyabrda yetiladi.

Tarqalishi: Jizzax, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo viloyatlari: Nurota va Ko‘hitang tizmalarida tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Tog‘larning pastki va o‘rta qismidagi toshli va shag‘alli yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: To‘p-to‘p bo‘lib o‘sadi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Mahalliy aholi tomonidan o‘tin sifatida ko‘p miqdorda kesib olinishi va chorva mollarining boqilishi oqibatida kamayib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Surxon va Nurota qo‘riqxonalarida muhofaza qilinadi. Manbalar. [12, 117, 127].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009