← Chuchmomadoshlar
Aflotun Piyozi
Chuchmomadoshlar
Yangi

Aflotun Piyozi

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Allium aflatunense B. Fedtsch.

Maqomi: 1. G‘arbiy Tyan-Shanga xos areali ajralgan endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 80–200 sm oralig‘idagi ko‘p yillik piyozli o‘t. Piyozi yirik, diametri 6 sm gacha yetadi. Qobig‘i qora-kulrang. Poyasining tubini eni 10 sm keladigan tasmasimon barglari o‘rab olgan. To‘pguli sharsimon, gullari ko‘p va tig‘iz, yulduzsimon gulqo‘rg‘on bo‘lakchalari och binafsha rangli. May–iyun oylarida gullab, urug‘i iyun–iyulda yetiladi.

Tarqalishi: Toshkent viloyati: Piskom, Ugom, Chotqol tizmalarida tarqalgan. Qirg‘izistonda, Chotqol va Farg‘ona tizmalarida uchraydi.

O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta va yuqori qismlarida o‘tlar bilan qoplangan yonbag‘irlarda va daryo bo‘ylaridagi sizot suvlari uncha ko‘p bo‘lmagan joylarda o‘sadi.

Soni: Bir-biridan ajralgan holda kichik-kichik to‘plar tashkil qiladi.

Ko‘payishi: Asosan urug‘idan va vegetativ yo‘l bilan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Piyozining mahalliy aholi tomonidan ozuqa sifatida ishlatish hamda dorivor va manzarali o‘simlik sifatida tomorqa yerlariga ekish uchun qazib olinishi, kuz va qishda turli hayvonlar tomonidan piyozlarining yeyilishi kamayib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida o‘stirilmoqda.

Muhofaza choralari: Chotqol biosfera qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Manbalar. [58, 362, 364]. F. O‘. Hasanov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009