← Shirachdoshlar
Sariq Shirach
Shirachdoshlar
Yangi

Sariq Shirach

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Eremurus luteus Baker

Maqomi: 1. O‘zbekistondagi juda kamyob tur.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 35–60 sm oralig‘idagi ko‘p yillik o‘t. Ildizpoyasi qisqa, bo‘laklari urchuqsimon yo‘g‘onlashgan. Barglari ingichka qalami, eni 4–7 mm. Shingili siyrak, nisbatan kam gulli, uzunligi 20–30 sm. Guloldi bargchalari yirik uchburchak nashtarsimon, shingilining pastki qismidagi gullarining bandi gulqo‘rg‘onidan 1,5 marta uzun. Gullari hidli. Gulqo‘rg‘on bargchalari yakka tomirli, och sariq. Changchilari notekis, gulqo‘rg‘onidan qisqa. Mevasi ko‘sakchaday, cho‘ziq, silliq. Urug‘lari ingichka qanotchali. Aprel–may oylarida gullab, mevasi may–iyunda yetiladi.

Tarqalishi: Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari: Hisor (Qizilcha, G‘uzor, Darband, Oqravot va Dehqonobod atroflari) va Ko‘hitang tizmalari oralig‘idagi past tog‘larda tarqalgan. Turkmaniston, Eron va Afg‘onistonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Ochiq ola jins va gipslarda o‘sadi.

Soni: Juda kam saqlangan, tabiatda yakka-yakka holda uchraydi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: O‘ziga xos tuproq sharoitiga moslashganligi va chorva mollarining boqilishi hamda aholi tomonidan terib olinishi uning kamayishiga sabab bo‘lmoqda.

Madaniylashtirilishi: 1965 yildan buyon O‘zR FA Botanika bog‘ida ekib o‘stirishga qaratilgan ko‘plab urinishlar natija bermagan.

Muhofaza choralari: Tabiatdagi mavjud tuplari ustidan kuzatishlar olib borish lozim. Manbalar. [261, 279–282, 358].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009