Eremurus aitchisonii Baker
Maqomi: 3. O‘zbekistonda kamyob tur.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 70–120 sm orasidagi ko‘p yillik o‘t. Ildiz poyasi qisqargan, nursimon joylashgan, bo‘laklari urchuqsimon yo‘g‘onlashgan. Barglari keng qalami, eni 5–8 sm, och yashil rangli, tuksiz. Poyasi tuksiz yoki pastki qismi g‘adir-budir tukli. Shingili siyrak, kamgulli, silindrsimon, 20–45 sm uzunlikda. Guloldi bargchalari uchburchak shaklda, cho‘zinchoq. Shingilining pastidagi gulbandi gulqo‘rg‘onidan ikki marta uzun. Gulqo‘rg‘on bargchalari bir tomirli, pushti rang. Changchilari gulqo‘rg‘onidan 1,5 marta qisqa. Mevasi – eni 1,5–2 sm keladigan yumaloq ko‘sakcha. May–iyun oylarida gullab, iyun–iyulda urug‘laydi.
Tarqalishi: Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari: Zarafshon va Hisor tizmalarida, Cho‘lbayir, Boysun, Ko‘hitang tog‘larida tarqalgan. Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘onistonda ham tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning pastki qismida mayda jins tuproqli va shag‘alli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Yakka-yakka, baʼzan kichik to‘plar hosil qilib o‘sadi.
Ko‘payishi: Urug‘idan, baʼzan vegetativ yo‘l bilan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aholi tomonidan yig‘ib olinishi va chorva mollarining boqilishi tufayli kamayib ketgan.
Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida o‘stirilmokda.
Muhofaza choralari: Hisor va Surxon qo‘riqxonalarida muhofaza qilinadi, Cho‘lbayir tog‘larida buyurtmaxona tashkil etish lozim. Manbalar. [261, 279–282, 358].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009