← Shirachdoshlar
Suvorov shirachi
Shirachdoshlar
Yangi

Suvorov shirachi

Maqomi 3 — Kamyob

Eremurus suworowii Regel

Maqomi: 3. Janubi-g‘arbiy Pomir-Oloydagi kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 50–70 sm keladigan ko‘p yillik o‘t. Ildizpoyasi qisqa, nursimon joylashgan, bo‘laklari yo‘g‘onlashgan. Barglari ingichka qalami. Poyasining pastki qismi, odatda, g‘adir-budir tukli. Shingili deyarli silindrsimon, siyrak, kam gulli, uzunligi 15–50 sm. Guloldi bargchalari tor uchburchak shaklda. Pastki gullarining bandi gulqo‘rg‘onidan 1,5–2,5 marta uzun. Gulqo‘rg‘on bargchalari bir tomirli, och sariq rangda. Changchilari gulqo‘rg‘onidan qisqa. Ko‘sakchasi yumaloq, tekis, eni 1–1,4 sm. Aprel–may oylarida gullab, mevasi may–iyunda yetiladi.

Tarqalishi: Surxondaryoviloyati: Hisor tizmasi (To‘palang va Sangardak daryolari havzasi), Cho‘lbayir tog‘lari, Ko‘hitang hamda Bobotog‘da tarqalgan. Tojikiston va Afg‘onistonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Tog‘ning yuqori va quyi qismlaridagi mayda jins tuproqli yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Yakka-yakka holda va kichik tuplar tashkil qilib tarqalgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan, baʼzan vegetativ yo‘l bilan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: O‘simlik o‘sadigan joylarining o‘zlashtirilishi, chorva mollarining boqilishi hamda aholi tomonidan yig‘ilishi sababli kamayib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: 1960 yildan buyon O‘zR FA Botanika bog‘ida ekib o‘stiriladi.

Muhofaza choralari: Ayrim populyatsiyalari Surxon davlat qo‘riqxonasida saqlanadi. Cho‘lbayir tog‘larida o‘simlikning holatini kuzatib turish uchun buyurtmaxona tashkil etish lozim. Manbalar. [261, 279–282, 358].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009