← Shirachdoshlar
Oqgulli Shirach
Shirachdoshlar
Yangi

Oqgulli Shirach

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Eremurus lactiflorus O. Fedtsch.

Maqomi: 2. G‘arbiy Tyan-Shan va Nurotadagi kamayib borayotgan, endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 45–100 sm oralig‘idagi ko‘p yillik o‘t. Ildizpoyasi qisqa, bo‘laklari urchuqsimon yo‘g‘onlashgan. Barglari keng qalami, eni 13–25 mm, silliq. Shingili siyrak, ko‘p gulli, uzunligi 15–30 sm. Guloldi bargchalari ingichka uchburchak nashtarsimon. Shingilining pastidagi gullarining bandi gulqo‘rg‘onidan 1,5–2 marta uzun. Gulqo‘rg‘on bargchalari bir tomirli. Changchilari notekis, gulqo‘rg‘onidan qisqa. Mevasi – ko‘sakday, yumaloq, 3 ta bo‘rtmali, silliq, eni 20–30 mm. May–iyunda gullab, mevasi iyun–iyul oylarida yetiladi.

Tarqalishi: Toshkent, Jizzax va Navoiy viloyatlari: Qorjantov, Ugom, Piskom, Chotqol, Kurama va Nurota tizmalarida tarqalgan. Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ham o‘sadi.

O‘sish sharoiti: Tog‘ning o‘rta qismidagi toshli va shag‘alli yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Kichik to‘plar va yakka-yakka holda tarqalgan. Toshkent viloyatida olib borilgan tadqiqotlar davomida 40 000–50 000 tupi aniqlangan. Nurota tog‘ tizmasida taxminan 100 ta tup ikki joyda o‘sishi aniqlangan.

Ko‘payishi: Urug‘idan va vegetativ yo‘l bilan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aholi tomonidan terib olinishi, yangi yerlarni o‘zlashtirish va chorva mollari taʼsirida kamayib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida ekiladi.

Muhofaza choralari: Chotqol va Nurota qo‘riqxonalarida, Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida muhofaza qilinadi. Tabiatdagi mavjud tuplari nazorat ostiga olinishi lozim. Manbalar. [261, 279–282, 358].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009