Eremurus iae Vved.
Maqomi: 2. Janubi-g‘arbiy Pomir-Oloyga xos kamyob endemik o‘simlik. Shirach Ii / Eremurus iae Vved.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 60–80 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t. Ildizpoyasi qisqa, nursimon joylashgan, ildizlari ko‘p, yo‘g‘onlashgan. Bargi keng qalami, 15–20 mm kenglikda, ko‘kimtir rangli. Shingili silindrsimon, uzunligi 20–30 sm, siyrak, kam gulli. Guloldi bargchalari ingichka uchburchak shaklda. Shingilining pastdagi gulbandlar gulqo‘rg‘onidan ikki barobar uzun. Gulqo‘rg‘on bargchalari 3–5 tomirli. Changchilari gulqo‘rg‘ondan uzunroq. Mevasi – ko‘sakcha, yumaloq, yirik (eni 1 sm dan ortiq), silliq. May–iyunda gullab, mevasi iyun– iyul oylarida yetiladi.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Hisor tizmasining Cho‘lbayir tog‘larida, To‘palang daryosi havzasida, Boysuntog‘ning shimoliy yonbag‘irlarida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi shag‘alli, toshli-soz tuproqli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Juda kam uchraydi. Yakka-yakka holda yoki 2–3 tadan kichik to‘plar hosil qilib o‘sadi.
Ko‘payishi: Urug‘idan, baʼzan esa vegetativ yo‘l bilan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Mahalliy aholi tomonidan yig‘ilishi va chorva mollarining boqilishi tufayli kamayib ketmoqda.
Madaniylashtirilishi: 1962 yildan buyon O‘zR FA Botanika bog‘ida o‘stiriladi.
Muhofaza choralari: Buyurtmaxonalar tashkil qilish hamda urug‘ olish maqsadida ekib o‘stirish lozim. Manbalar. [261, 279–282, 358].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009