Eremurus baissunensis O. Fedtsch.
Maqomi: 3. Janubi-g‘arbiy Pomir-Oloyga xos kamayib ketgan endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 60–80 sm oralig‘idagi ko‘p yillik o‘t. Ildizpoyasi qisqa, urchuqsimon yo‘g‘onlashgan ildizlarining eni 4–6 mm. Barglari ingichka qalami, eni 4–6 mm. Shingili siyrak, ko‘p gulli, uzunligi 25–45 sm. Guloldi bargchalari yirik, uchburchak nashtarsimon. Shingilining pastidagi gullarining bandlari gulqo‘rg‘onidan 1,5 marta uzun. Gullari hidli. Gulqo‘rg‘on bargchalari oq, bitta tomirli. Changchilari notekis va gulqo‘rg‘onidan qisqa. Mevasi – ko‘sakcha, cho‘ziqroq silliq, eni 6–7 mm, uzunligi 15–20 mm, urug‘lari ingichka qanotchali. Aprel–may oylarida gullab, mevasi may–iyunda yetiladi.
Tarqalishi: Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari: Ko‘hitang tizmasi, Dehkonobod, Boysun hamda Denov shaharlari oralig‘idagi pasttog‘larda tarqalgan. Turkmanistonda ham uchraydi.
O‘sish sharoiti: Ola jinsli va gipsli yerlarda o‘sadi.
Soni: Yakka-yakka holda juda kam uchraydi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: O‘simlikning alohida o‘sish sharoitlarini talab etadigan substrat turga mansubligi, shuningdek uning odamlar va chorva mollari tomonidan payhon qilinayotganligidir.
Madaniylashtirilishi: 1964 yildan boshlab O‘zR FA Botanika bog‘ida o‘stirishga harakat qilingan, ammo bu urinishlar natija bermagan.
Muhofaza choralari: Surxon davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Tabiatdagi tuplarining holatini o‘rganish lozim. Manbalar. [261, 279–282, 358]. F. O‘. Hasanov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009