Eremurus korovinii B. Fedtsch.
Maqomi: 1. G‘arbiy Tyan-Shanga xos o‘ta kamyob endemik tur.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 80 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t. Ildizpoyasi qisqargan, nursimon joylashgan bo‘laklari biroz yo‘g‘onlashgan. Barglari 30 sm uzunlikda, eni 2 sm, ingichka qalami, tarnovsimon, ko‘kimtir, qirrali, qisqa tukli. To‘pguli keng silindrsimon shingildan iborat. Gullari keng qo‘ng‘iroqsimon, och pushti rangli, tubida sariq dog‘i bor. Gulqo‘rg‘on bargchalari 15–18 mm uzunlikda. Mevasi – ko‘sakcha, yumaloq, silliq, diametri 10–15 mm. Iyul oyida gullab, urug‘ beradi.
Tarqalishi: Toshkent viloyati: Qurama tog‘ida o‘sgan. Bir marta 1880 yilda Mahmud Muso tomonidan Kandirdovondan yig‘ilgan. Keyingi qidirishlar natijasiz tugagan.
O‘sish sharoiti: Tog‘ning toshli yonbag‘irlarida o‘sgan.
Soni: Aniqlanmagan. Yo‘qolib ketgan bo‘lishi mumkin.
Ko‘payishi: Aniq maʼlumotlar yo‘q.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Kandirdovon, asosan, chorva mollari haydab o‘tiladigan yo‘l bo‘lganligi sababli, o‘simlik oyoq ostida qolib ketgan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: O‘simlikni Qurama va Chotqol tizmalaridan izlashni davom ettirish lozim. Manbalar. [261, 279–282, 293, 358].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009