Jurinea psammophila Iljin
Maqomi: 3. Qizilqumdagi juda kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 50 sm gacha yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyasi tik, ko‘p, kulrang chalkash tukli, yo‘l-yo‘l jo‘yakli, novdalari yakka boshchali. Barglarining har ikki tomoni kulrang-yashil, tukli, pastki tomoni qalin chalkash tukli. Yopirma va poyaning pastki qismidagi barglari bandli, patsimon bo‘lingan yoki patsimon ajralgan. Poyadagi boshqa barglari bandsiz, asosi poyaga yopishgan, eng yuqoridagi barglari qalami, bandsiz, chetlari butun, uchi o‘tkir. Savatchasi qalin kulrang yotiq tukli. O‘rama bargchalari savatchaga yopishgan, nashtarsimon chetlari g‘adir-budir. Toji qirmizi pushti rangli, tashqi tomoni bezchali. Urug‘i tik jo‘yakli. May oyida gullab, mevasi iyunda yetiladi.
Tarqalishi: Navoiy va Buxoro viloyatlari: Qizilqumda Oqtog‘, Oltintog‘, Quljuqtog‘ etaklarida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Qoldiq tog‘larning pastki qismidagi toshli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Tabiatda juda kam tarqalgan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining ko‘plab boqilishi va o‘tlarning o‘rib olinishi oqibatida kamayib bormoqda.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Muhofaza qilinmaydi. Manbalar. [105, 159, 331].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009