← Burchoqdoshlar
Nimrang pushti oksitropis
Burchoqdoshlar
Yangi

Nimrang pushti oksitropis

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Oxytropis pseudorosea Filim.

Maqomi: 2. Nurota tog‘larida tarqalgan endemik tur.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 30–40 sm, poyasiz, yog‘ochsimon ko‘p yillik o‘t. Bargining uzunligi 10–15 sm, yashil, yotiq ipaksimon tukli. Asosiy bandi va bargchalarining bandi kumushsimon tukli. Gulpopugi momiq, g‘ovak, cho‘ziqroq, uzunligi 7–15 sm, ko‘p gulli, gullari siyrak joylashgan. Kosachasi qo‘ng‘iroqsimon, uzunligi 12–14 mm, oq tukli. Gultoji pushti-binafsha rangli. Dukkagi cho‘ziq, uzunligi 10–15 mm, eni 4–5 mm, tumshuqchasining uzunligi 5-6 mm, qalin oq tuklar bilan qoplangan, deyarli ikki uyali. May–iyun oylarida gullab, mevasi iyun–iyulda yetiladi.

Tarqalishi: Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlari: Nurota va Oqtog‘ tizmalarida tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Tog‘ning pastki va o‘rta qismidagi shag‘alli-toshli yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Yakka-yakka holda va kichik to‘plar holida uchraydi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining boqilishi natijasida o‘simlikning soni kamayib ketgan.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Nurota qo‘riqxonasida muhofaza etiladi. Manbalar. [10, 47, 76, 304, 305].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009