Astragalus rubrivenosus Gontsch.
Maqomi: 2. G‘arbiy Tyan-Shanda juda kichik maydonlarda saqlanib qolgan endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 3–4 sm keladigan, yer bag‘irlab o‘suvchi ko‘p yillik, deyarli poyasiz o‘t. Bargining uzunligi 10–12 sm, bargchalari, asosan, ellips shaklida, o‘tkir uchli, ustki tomoni siyrak, pastki tomoni yotiq tukli. Gulpoyasi 12–15 sm uzunlikda, mustahkam, bargidan uzun. Kosachasi shishgan, to‘rsimon tomirli. Dukkagining uzunligi 13–14 mm, eni 0,5 sm. Iyunda gullab, mevasi iyulda yetiladi.
Tarqalishi: Toshkent viloyati: Chotqol tizmasidagi Oqsoqotasoy, Boshqizilsoy, Ertoshsoy hamda Serkalisoylarda tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Dengiz sathidan 1800–2000 m balandlikdagi toshli-shag‘alli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Juda kam uchraydi. Aniqlangan populyatsiyalaridagi tuplarning soni 3,5–4 mingtani tashkil etadi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: O‘simlik populyatsiyasining katta qismi Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasida va Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida muhofaza qilinadi. Manbalar. [32, 159, 293]. A. S. Esonqulov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009