← Burchoqdoshlar
Qizg‘ish Astragal
Burchoqdoshlar
Yangi

Qizg‘ish Astragal

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Astragalus rubellus Gontsch.

Maqomi: 1. Farg‘ona vodiysidagi nihoyatda kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 35 sm gacha yetadigan oq momiq tukli, poyasiz, ko‘p yillik o‘t. Bargi 30–35 sm uzunlikda, hurpaygan qalin tukli, bargchalari 14–18 juft, yumaloq-tuxumsimon. Gulpoyasi 15 sm uzunlikda, qisqa hurpaygan qalin tukli. Gulpopugi 11–18 sm, 8–15 ta qizil gullardan tarkib topgan. Dukkagi shishgan, tuxumsimon, uzunligi 2 sm, qayishsimon, sirti bo‘rtiq chokli. Aprel–may oylarida gullab, mevasi may–iyunda yetiladi.

Tarqalishi: Farg‘ona viloyati: Farg‘ona vodiysining Yozyovon cho‘lida, Qo‘qon shahri atrofidagi bo‘z yerlarda va Qoraqalpoq qishlog‘i tevaragida o‘sadi.

O‘sish sharoiti: Qum uyumlari orasida, sho‘rlangan qumlarda ko‘proq o‘sadi.

Soni: Juda kam uchraydigan tur. U faqat o‘zlashtirilmay qolgan qum uyumlari orasidagina saqlanib qolgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Qishloq xo‘jaligi uchun o‘zlashtirilgan maydonlar hisobiga arealida o‘zgarishlar yuzaga kelib, soni keskin kamayib ketgan.

Madaniylashtirilishi: Bu haqda maʼlumot yo‘q.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [31, 135]. F. O‘. Hasanov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009