Astragalus terrae-rubrae Butkov
Maqomi: 3. Janubi-g‘arbiy Pomir-Oloyda tarqalgan kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 60 sm keladigan, poyasi tik mustahkam, 6–7 mm yo‘g‘onlikdagi ko‘p yillik o‘t. Bargining uzunligi 20 sm, bargchalari 2 juft, uchburchak-tuxumsimon, uzunligi 6–8 sm, eni 4–6 sm, har ikki tomonida tomirlari bo‘rtib turadi. Guli sariq. Dukkagi tuxumsimon yoki cho‘ziqtuxumsimon, pufaksimon shishgan, uzunligi 8 mm, to‘g‘ri tumshuqchali. May oyida gullab, iyunda meva beradi.
Tarqalishi: Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari: Hisor tizmasida – Xo‘jagurgur-Ota, Qizilsuv, Oqsuv daryolarining havzalarida hamda Ko‘hitang tizmasida – Kampirtepa va Tangidevol bo‘limida tarqalgan. Turkmanistonda ham uchraydi.
O‘sish sharoiti: Dengiz sathidan 1400–1500 m balandlikdagi yer yuzasiga chiqib qolgan tub jinsli tuproqlarda va turli xildagi tuproqlarda hamda toshli tik yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Ko‘hitang tizmasida 200 tupi aniqlangan. Hisor tizmasidagi soni aniqlanmagan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Soni va ularning o‘zgarishi haqida aniq maʼlumotlar yo‘q. U faqat maxsus tuproq jinslarida o‘sishga moslashganligi uchun tarqalishi chegaralangan.
Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida 1979 yildan buyon o‘stirib kelinadi.
Muhofaza choralari: Surxon va Hisor davlat qo‘riqxonalarida muhofaza etiladi. Manbalar. [159, 172, 310].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009