← Burchoqdoshlar
Tizma tangao‘t
Burchoqdoshlar
Yangi

Tizma tangao‘t

Maqomi 3 — Kamyob

Hedysarum magnificum Kudr.

Maqomi: 3. Janubi-g‘arbiy Pomir-Oloydagi kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 70 sm ga boradigan ko‘p yillik o‘t. Poyasi g‘ovak, och yashil rangli. Barglarining uzunligi 3–8 sm, eni 5 sm, cho‘ziqroq dumaloq shakldagi uchta bargchadan tashkil topgan, uchidagi bargchasi yirikroq. Guli xira binafsha rang, baʼzan esa oqish tusda tovlanadi. Gulpopugining uzunligi 15 sm, g‘ovak va momiq. Dukkagi 1–2 bo‘g‘imli. May–iyun oylarida gullab, mevasi iyun–iyulda yetiladi.

Tarqalishi: Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari: Hisor (Dehqonobod, Oqravot, Langar, Toshqo‘rg‘on atroflari, Sho‘rob va Darband oralig‘idagi Oqsurottog‘, Oqsuv, Machay daryolari vodiysida, Qizilqishloq va Qizilmachit qishlog‘i orasida) va Ko‘hitang (To‘lgashsoy yoqalari, Kampirtepa, Tangidevol dovonida) tizmalarida tarqalgan, Turkmaniston (Ko‘hitang-Xo‘jaifil) da ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Quyi va o‘rta tog‘larning siyrak o‘simliklar bilan qoplangan toshli-shag‘alli, ola tusli va gipsli yonbag‘irlarida o‘sadi.

Soni: Maʼlumotlar yo‘q.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi. Tabiatda kuzatilishicha, namlik ko‘p bo‘lgan yillari yaxshi unib chiqadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: O‘ziga xos tuproqda o‘sishga moslashgan.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Surxon va Hisor davlat qo‘riqxonalarida muhofaza etiladi. Manbalar. [137, 150, 208, 310].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009