Hedysarum bucharicum B. Fedtsch.
Maqomi: 2. Janubi-g‘arbiy Hisor tizmasida uchraydigan kamyob tur.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 10–30 sm orasidagi ko‘p yillik o‘t. Barglari murakkab, bargchalari 5–8 juft, uzunligi 14–18 mm, eni 2–8 mm. Gulpoyasi bargidan uzun. Bayroqchasi qayiqchasidan kaltaroq. Dukkagi 2–3 bo‘g‘imli, 5–8 ta ko‘ndalang kesimli bo‘rtmalari bor. May oyida gullab, mevasi iyunda yetiladi.
Tarqalishi: Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari: Hisor tizmasining janubi-g‘arbida, Qizilmozor, Toshqo‘rg‘on qishloqlari atroflarida hamda Yakkabog‘ daryosining yuqori oqimida, Xo‘jagurgur-Ota tog‘larida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Gipsli, ohak-toshli tuproqlarda hamda siyrak archazor, pistazorlarda, shuningdek, yovshan va boshqa o‘tlar orasida o‘sadi.
Soni: Yakka-yakka holda, baʼzan kichik tuplar hosil qilib o‘sadi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining haddan ziyod ko‘p boqilishi tufayli kamayib ketgan. Qurg‘oqchilik yillari urug‘i yaxshi unmaydi.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Hisor davlat qo‘riqhonasida muhofaza qilinadi. Manbalar. [137, 150].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009