← Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)

Echinops babatagensis Tscherneva

Maqomi: 3. O‘zbekistonning janubidagi kichik maydonlarda tarqalgan juda kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 20–30 sm gacha yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyasi tik, jo‘yakli, bezchali va momiq tukli, shoxlangan, yakka boshchali. Barglarining ustki tomoni bezchali, pastki tomoni kulrang qalin tukli, yo‘g‘on tomirli. Yopirma barglari bandli, patsimon bo‘lingan, mayda tishsimon tikanli. Poyaning pastki va o‘rta qismidagi barglari yopirma barglariga o‘xshash, ammo bandsiz. Savatchalarining uzunligi 10–20 mm. O‘rama bargchalari 28–30 ta, havorang. Urug‘i cho‘ziq, qalin sariq tukli. Iyul–avgust oylarida gullab, mevasi avgust–sentyabrda yetiladi.

Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Bobotog‘ tizmasida tarqalgan. Tojikistonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi ohaktoshlarda va gipslarda o‘sadi.

Soni: Tabiatda juda kam tarqalgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: O‘ziga xos tuproq sharoitiga moslashganligi uning kamayishiga sabab bo‘lmokda.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [332, 333].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009