← Yalpizdoshlar (Labguldoshlar)
Proskoryakov bozulbangi
Yalpizdoshlar (Labguldoshlar)
Yangi

Proskoryakov bozulbangi

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Lagochilus proskorjakovii Ikramov

Maqomi: 1. Nurota tizmasi uchun o‘ta kamyob endemik tur.

Qisqacha tavsifi: Yarim butacha, bo‘yi 20–35 sm. Poyalari oddiy yoki shoxlangan, siyrak, qisqa tukli. Barglari mayda, keng tuxumsimon, 3–5 bo‘lmali, asosi ponasimon, tarvaqalaygan tukli, uzun bandli. Gullari 4–6 tadan shoxlarining uchidagi barglarning qo‘ltiqlarida yarim xalqa bo‘lib o‘rnashgan. Gulyonbargchalarining uchi o‘tkir, uchburchak bigizsimon, tashqariga qarab sal egilgan. Kosachasi 10–15 mm uzunlikda, tor qo‘ng‘iroqsimon, voronkasimon kengaygan, qaytaqisi keng qo‘ng‘iroqsimon, tishchasi tekis joylashgan, keng uchburchaksimon, tashqarisiga sal egilgan, qisqa xamda bezchali tuklar bilan qoplangan. Gultoji oq. Iyun–iyulda gullab, mevasi iyul–avgustda yetiladi.

Tarqalishi: Nurota tizmasida tarqalgan (Jizzax va Samarqand viloyatlari).

O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi quruq, tosh-chag‘irtoshli yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Juda kam tarqalgan, yakka-yakka holda o‘sadi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan. Sharoitning noqulayligidan kam uchrasa kerak.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Nurota davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. O‘simlik populyatsiyalarini aniqlash va xaritalash, tabiiy va madaniy sharoitda uning bioekologik xususiyatlarini o‘rganish talab etiladi. Manbalar. [104, 320]. H. F. Shomurodov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009