← Chuchmomadoshlar
Piskom Piyozi
Chuchmomadoshlar
Yangi

Piskom Piyozi

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Allium pskemense B. Fedtsch.

Maqomi: 2. G‘arbiy Tyan-Shanga xos juda kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 60–120 sm oralig‘idagi ko‘p yillik piyozli o‘t. Piyozining diametri 6–7 sm, usti qo‘ng‘ir qobiq bilan qoplangan. Poyasi 3–7 ta, yo‘g‘on, shishgan, uzunligi 40 sm ga yetadi. To‘pguli sharsimon, diametri 7–10 sm. Gulqo‘rg‘on bo‘lakchalari oq rangli. Iyulda gullab, mevasi sentyabrda yetiladi.

Tarqalishi: Toshkent viloyati: Ugom, Piskom, Chotqol va Qurama tizmalarida tarqalgan. Qozog‘istonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Dengiz sathidan 1200–2000 m balandlikda ohaktoshli, chiqib bo‘lmaydigan qoyalarning yoriqlarida, baʼzan surilmalarda o‘sadi.

Soni: Umumiy soni 60–100 ming tup atrofida bo‘lgan 40 ga yaqin populyatsiyasi borligi maʼlum.

Ko‘payishi: Urug‘idan va vegetativ yo‘l bilan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Urug‘ini turli hasharotlar zararlashi va yosh nihollarning boshqa o‘simliklar orasida o‘sa olmasligi, voyaga yetish muddatining ko‘pligi (3–7 yil) hamda mahalliy aholi tomonidan oziq-ovqat va dorivor o‘simlik sifatida yig‘ib olinishi kamayib ketishiga sabab bo‘lmokda.

Madaniylashtirilishi: Mahalliy aholi uni tomorqa yerlarida ekib o‘stiradi. Xorijdagi botanika bog‘larida, seleksiya bilan shug‘ullanuvchi institutlarda ekilmoqda.

Muhofaza choralari: Chotqol biosfera davlat qo‘riqhonasida va Ugom- Chotqol milliy tabiat bog‘ida muhofaza ostiga olingan. Manbalar. [58, 362, 168, 364].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009