Tulipa uzbekistanica Botschantz. et Sharipov
Maqomi: 1. Yo‘qolib ketish arafasidagi Pomir-Oloyning janubi-g‘arbidagi kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 10–20 sm oralig‘idagi ko‘p yillik piyozli o‘t. Piyozi tuxumsimon, diametri 2,5 sm, qobig‘i cho‘ziqroq, qattiq, tuksiz, faqat ichi siyrak yotiq tuklar bilan qoplangan. Barglari 3 ta, yashil ko‘kimtir g‘uborli, cheti biroz egri-bugri. Guli qizil, tubi to‘q qo‘ng‘ir dog‘li, sariq gardishli. Changchi iplari va changdonlari och sariq, baʼzan to‘q qizil. Martda gullab, mevasi may oyida yetiladi.
Tarqalishi: Qashqadaryo viloyati: Quruqdag‘ana tog‘ining Tolli dovonida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Ola jinsli past tog‘lardagi kulrang sho‘rxok bo‘z tuproqlarda o‘sadi.
Soni: Yakka-yakka holda tarqalgan. Quruqdahana va Tolli dovonida 40–45 ga maydonda 1000 ga yaqin tupi aniqlangan.
Ko‘payishi: Urug‘idan va piyozidan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Gullarining ko‘p miqdorda terilishi va chorva mollarining boqilishi tufayli kamayib bormoqda.
Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida 1967 yildan buyon ekib o‘stiriladi.
Muhofaza choralari: Uning o‘sib turgan yangi joylarini qidirib topish lozim. Manbalar. [41].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009