← Ziradoshlar
Ovchinnikov pauliyasi
Ziradoshlar
Yangi

Ovchinnikov pauliyasi

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Paulita ovczinnikovii (Korovin) Sojak

Maqomi: 1. Janubi-g‘arbiy Pomir-Oloyning endemik o‘simligi.

Qisqacha tavsifi: Balandligi 50–100 sm bo‘lgan ko‘p yillik monokarp o‘simlik. Ildizi tugunaksimon, barmoqsimon tarmoqlangan. Poyalari yakka-yakka holatda, ichi g‘ovak, o‘rtasidan boshlab yuqoriroqda shoxlanadi. Ildizoldi barglari tez quriydi; yaproqlari keng uchburchaksimon, ikki, uch karra patsimon qirqilgan; asos qismidagi bo‘laklarining bandchalari bor; uchki bo‘laklari keng, rombsimon, yirik tishchali. Gultojibargi oq, kosachasining tishchalari yo‘q. Mevasi 2,5 mm uzunlikkacha, tuxumsimon, bir-biriga teng bo‘lgan qovurg‘alari tufayli sal g‘adirbudur. May oyida gullab, iyun-iyulda mevalaydi.

Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Hisor tizmasi, g‘arbda Machaydaryogacha, Bobotog‘. Tojikistonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Tosh-shag‘alli, soz tuproqli yonbag‘irliklarda o‘sadi (d. s. b. 900–2000 m).

Soni: Aniqlanmagan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining haddan ziyod ko‘p boqilishi, o‘sish joylarining degradatsiyaga uchrashi, mahalliy aholi tomonidan ziravor sifatida terib olinishi.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [141, 159].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009