Seseli turbinatum Korovin
Maqomi: 1. G‘arbiy Tyan-Shan va Pomir-Oloyning juda kamyob endemik o‘simligi.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 1 m gacha yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyasi jo‘yakli, tuksiz, shoxlangan. Barglari uch karra patsimon qirqilgan, bandli. Bo‘laklari nashtarsimon, uchli, uzunligi 10–12 mm. Poyaning yuqori qismidagi barglari qalaminashtarsimon novli. Soyabonlari 4–5 nurli, soyabonchalari tig‘iz, 20 ta gulli, o‘rama bargchalari 9–11 ta, nashtarsimon. Tojbarglari cho‘ziqovalsimon, yuqori qismi ichiga bukilgan. Mevasi cho‘ziq-ovalsimon, tukli, uzunligi 5 mm ga yetadi. Iyul oyida gullab, mevasi avgustda yetiladi.
Tarqalishi: Jizzax viloyati: Nurota tizmasi (Qo‘ytosh tog‘i, Ustixon soy)da tarqalgan. Toshkent viloyati, Qurama tizmasi. O‘zbekistondan tashqari Qozog‘istonda uchraydi.
O‘sish sharoiti: Toshli yonbag‘irlar va qoyalarning o‘rkachlarida, bodomzor va archazorlar orasida o‘sadi.
Soni: Aniqlanmagan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [148, 230]. N. Yu. Beshko.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009