Ferula korshinskyi Korovin
Maqomi: 2. Shimoliy Pomir-Oloyga xos kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Ko‘p yillik, poyasi tuksiz polikarp o‘simlik. Ildizida sharsimon yo‘g‘onlashgan joylari bor. Poyasi, odatda, bir nechta ingichka novdadan iborat, novdalarining rangi ko‘kimtir, uzunligi 2 m gacha yetadi, yaproqlarsiz, yuqoriga qarab ikki yoki uch tarmoqqa ajralib ketgan. Barglari uch-to‘rt karra uchga bo‘lingan. Uchidagi bo‘laklari nashtarsimon-cho‘ziq yoki uzunchoq, uzunligi 1,5–6 sm, kengligi 6–15 mm, chetlari bir tekis, bus-butun. Uchidagi soyabonchalari 5–11 shuʼlali bo‘lib, diametri 6–8 sm. Kosachasi kalta tishchalardan iborat. Bargchalari mayda, cho‘ziqroq, sariq tusda. Mevalari ko‘kimtir, pastki tarafi kichrayib ketgan, cho‘ziqroq shaklda, uzunligi 6–7 mm. Iyul oyida gullab, avgustda meva beradi.
Tarqalishi: Farg‘ona viloyati: Oloy tizmasi (Shohimardon). O‘zbekistondan tashqarida: Qirg‘iziston.
O‘sish sharoiti: Tog‘ etaklarida toshloqlarda, gipsli tub jinslarda va boshqa tog‘ jinslarida o‘sadi.
Soni: Aniqlanmagan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Tog‘ etaklaridagi yerlarning tinimsiz o‘zlashtirilishi hamda chorva mollarining ko‘plab boqilishi tufayli kamayib bormoqda.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Muhofaza qilinmaydi. Manbalar. [141, 159, 237].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009