Komarovia anisosperma Korovin
Maqomi: 1. Zarafshon tizmasining tarmoqlarida tarqalgan kamyob, relikt o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 2–3 m gacha yetadigan, yo‘g‘onlashgan ildiztugunakli, ko‘p yillik o‘t. Poyasi ingichka, bo‘g‘imlari biroz pufaksimon shishgan, yuqori qismidan shoxlangan. Yopirma barglarining uzunligi 70 sm ga yetadi, ko‘p marta patsimon bo‘laklarga ajralgan. Yaprog‘ining uchidagi bo‘laklari nashtarsimon, uzunligi 4–5 sm, eni 10 mm gacha. Soyabonlari 2–7 shuʼlali, soyabonchalari yumaloq, o‘rama barg va bargchalari yo‘q. Tojbarglari sariq, uzunligi 10 mm. Iyun–iyul oylarida gullab, mevasi avgust–sentyabrda yetiladi.
Tarqalishi: Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari: Zarafshon tizmasining g‘arbiy tarmoqlarida va uning davomi Qoratepa tizmasida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Dengiz sathidan 1300– 1700 m balandlikdagi daralarda, shag‘alli tik yonbag‘irlarda, surilmalarda, qoyalarning yoriqlarida o‘sadi.
Soni: Faqat beshta joyda borligi maʼlum. To‘plari (10–100 tupdan bo‘lib) bir-biridan ajralgan holda tarqalgan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: O‘simlikning sernam joylarga qatʼiy moslashganligi va aholi zich joylashgan hamda qishloq xo‘jaligi uchun foydalaniladigan yerlarda o‘sganligi o‘simlik sonining kamayishiga olib kelgan.
Madaniylashtirilishi: Moskva davlat universitetining Botanika bog‘ida o‘stiriladi.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [142, 156–159].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009