Climacoptera oxyphylla U.P. Pratov
Maqomi: 2. O‘zbekistonning janubiy qismida kichik maydonda saqlanib qolgan endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 10–15 sm, asosidan shoxlagan, bir yillik o‘t. O‘simlikning pastki qismi qalin, yuqori qismi esa siyraklashgan, uzun, ko‘p hujayrali, chalkash, yarim yotiq tuklar bilan qoplangan. Shoxchalari va barglari ketma-ket joylashgan, poyadagi barglarining bandi poyasiga yopishgan. Barglari etli, qalami yarim silindrsimon, uchi o‘tkir, bargining uchi g‘uj tukli. Gullari yakka, ro‘vaksimon to‘pgulga yig‘ilgan. Guloldi bargi etli, uchi o‘tkir, yonbargcha va gulqo‘rg‘onlardan uzunroq. Gulqo‘rg‘oni 5 bargchali, uzunligi 6 mm, mevalagan paytida yuqori qismi tukli qanotchalar hosil qiladi. Changchisi 5 ta. Tumshuqchasi bigizsimon, gulqo‘rg‘onidan qisqa. Urug‘i yotiq joylashgan.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: O‘zbekistonning janubida Sherobod vodiysidagi Maydon qishlog‘i atroflarida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Ochiq ola jinsli yerlarda o‘sadi.
Soni: Kam uchraydi, yakka-yakka holda o‘sadi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Ola jinsli yerlarda o‘sishi va u o‘sgan yerlarda chorva mollarining boqilishi uning kamayishiga sabab bo‘lmoqda.
Madaniylashtirilishi: Madaniylashtirilmagan.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Chorva mollarini boqishni (ayniqsa, o‘simlikning urug‘i yetilgan davrda) cheklash lozim. Manbalar. [159, 253]. O‘. P. Pratov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009