← Sho‘radoshlar
Bochansev toshbiyurg‘uni
Sho‘radoshlar
Yangi

Bochansev toshbiyurg‘uni

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Nanophyton botschantzevii U.P.Pratov

Maqomi: 2. G‘arbiy Tyan-Shanda juda kichik maydonda saqlanib qolgan nihoyatda kamyob, relikt, endemik tur.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 20–40 sm keladigan, tig‘iz yostiqcha hosil qilib, yer bag‘irlab o‘suvchi sershox buta. Barglari ketma-ket joylashgan, dag‘al, uchi tikanli, uzunligi 6 mm. Gullari 2–9 tadan, shoxchalarning uchlarida joylashgan. Har bir gul bittadan guloldi va ikkitadan gulyonbargchaga ega. Gulqo‘rg‘on bargchalari yupqa. Urug‘lari tik, uzunligi 4–6 mm. Iyun–iyul oylarida gullab, mevasi oktyabrda yetiladi.

Tarqalishi: Toshkent viloyati: dengiz sathidan 1600–2000 m balandlikda Chotqol tizmasi (Nurakota, Beldirsoy)da tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Tosh-shag‘alli yonbag‘irlar archa va butazorlarida, asosan, ochiq joylarda o‘sadi.

Soni: O‘ynatoy suvayirg‘ichida kichik maydon (3 gektar atrofi)da va Irg‘aylisoyda 10–20 tupdan iborat to‘plar hosil qilib uchraydi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: O‘simlik tarqalgan joylardan chorva mollari uchun yozgi o‘tloq sifatida foydalaniladi.

Madaniylashtirilishi: Urug‘idan ekilganda ijobiy natija bermagan. Unib chiqqan nihollari yozning ikkinchi yarmida qurib qolgan.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [156–159, 260, 261]. O‘. P. Pratov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009