Gamanthus ferganicus Iljin
Maqomi: 2. Farg‘ona vodiysida tarqalgan kamyob endemik tur.
Qisqacha tavsifi: Bir yillik o‘t o‘simlik, bo‘yi 5–50 sm, asosidan shoxlangan, qisqa, oddiy, ingichka, jingalak tukli, keyinroq pastki qismi tuksizlanadi. Barglari qarama-qarshi o‘rnashgan, qalami, yo‘g‘onroq, uchida uzun, bo‘g‘imli, erta tushib ketadigan bir bog‘lam tukli, uzunligi 15–20 sm, eni 2–2,5 mm. Guloldi barglari qarama- qarshi o‘rnashgan, qo‘shilmagan, gulyonbargchalaridan uzun. Gulyonbargchalari gulqo‘rg‘onidan qisqa. Gulqo‘rg‘on bo‘laklari nashtarsimon, uzunligi 4–6 mm, sirti tukli. Changdoni qalami, uzunligi 2,5–3 mm. Iyun–iyulda gullab, mevasi yetiladi.
Tarqalishi: Namangan va Farg‘ona viloyatlari: Farg‘ona vodiysining sharqiy qismida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘ etaklaridagi sho‘rlangan, mayda chag‘irtoshli tuproqlarda o‘sadi.
Soni: Tabiatda yakka-yakka yoki kichik jamoalar hosil qilib o‘sadi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Yerlarning dexqonchilik qilish uchun o‘zlashtirilishi tufayli qisqarib ketgan.
Madaniylashtirilishi: Bu haqida maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Muhofaza qilinmaydi. Manbalar. [35, 159, 249].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009