← Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)
Kindikchali karrak
Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)
Yangi

Kindikchali karrak

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Cousinia umbilicata Juz.

Maqomi: 2. Qizilqumga mansub endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Poyasining bo‘yi 60 sm gacha yetadigan, deyarli asosidan shoxlanuvchi, shoxchalari yakka boshchali, to‘p gullari yoyiq, ko‘p yillik o‘t. Barglarining ustki tomoni yashil rangli, chalkash tukli, yo‘g‘on tomirli, pastki tomoni kulrang qalin tukli. Yopirma barglari cho‘ziq nashtarsimon, patsimon bo‘lingan, bandli, bandining asosi biroz kengaygan, oqish qalin tukli. Poyadagi barglari bandsiz keng nashtarsimon, siyrak tishsimon tikanli. Savatchasi keng silindrsimon. Toji sariq. Urug‘i deyarli to‘rt qirrali, kulrang. Iyun–avgust oylarida gullab, mevasi avgust–sentyabrda yetiladi.

Tarqalishi: Buxoro, Navoiy viloyatlari: Qizilqumdagi qoldiq tepaliklar (Qo‘ng‘irtog‘, Yetimtog‘ va Oqtog‘lar)da tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Qoldiq tepaliklardagi toshli, tosh-shag‘alli yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Tabiatda yakka-yakka holda tarqalgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Bu tur alohida tuproq sharoitiga moslashganligi uchun kamayib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: 1964 yili O‘zR FA Qizilqum cho‘l stansiyasi tajriba maydonida ekib o‘stirilgan. O‘sib chiqqan nihollar shu yilning o‘zidayoq qurib qolgan.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [321, 324, 325, 327].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009