Hedysarum amankutanicum B. Fedtsch.
Maqomi: 0. Bu o‘simlik yo‘qolib ketgan bo‘lishi mumkin. Zarafshon tizmasidan atigi bir marta terilgan.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 70–85 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t. Bargi murakkab, bargchalari 3–5 juft, cho‘ziqroq dumaloq. Gulpoyasi ingichka, uzunligi 20–22 sm. Gullari 25–40 tagacha, och pushti rangli, bandsiz. Dukkagi qanday ekani nomaʼlum. May oyida gullaydi.
Tarqalishi: Samarqand viloyati: Zarafshon tog‘ining Taxtaqoracha dovonida uchraydi.
O‘sish sharoiti: Dengiz sathidan 1500 m balandlikkacha bo‘lgan dovonda o‘sgan.
Soni: Mazkur tur Taxtaqoracha dovonidan 1913 yili birinchi bor yig‘ilgan yagona nusxasi bo‘yicha tavsif etilgan. Ayni vaqtda bu nusxa Rossiya Fanlar akademiyasi ning Komarov nomidagi Botanika instituti gerbariysida saqlanadi (Sankt-Peterburg). So‘nggi yillarda bu turni topish uchun uyushtirilgan ekspeditsiyalar samarasiz tugadi.
Ko‘payishi: Maʼlum emas.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Muhofaza qilinmaydi. Manbalar. [137, 150].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009