Astragalus adylovii F.O. Khass., Ergashev et Kadyrov
Maqomi: 1. Qizilqumning qoldiq tog‘laridagi relikt, kamyob endemik tur.
Qisqacha tavsifi: Ko‘p yillik o‘tsimon o‘simlik, bo‘yi 20–30 sm. Poyasi 5–10 sm. Barglari 8–12 sm uzunlikda, yaproqchalari 4–6 juft, ingichka cho‘ziqroq shaklda, uchi o‘tkir, pastki tomoni oqish, chalkash tukli, ustki tomoni deyarli tuksiz. Gulbandi 10–20 sm uzunlikda, oqish, qalin tukli. Gulpopugi momiq, ikki taraflama joylashgan 10–15 tacha guldan iborat. Kosachasi naysimon, oq va qora tukli, uzunligi 10–12 sm, tishchalari 2–3 mm uzunlikda. Bayroqchasi sariq, uzunligi 20–23 mm, qayiqchasidan uzunroq. Qanotchasi (eshkagi) bayroqchasidan qisqa. Dukkagi osilib turadi, uzunligi 12–15 mm, oqish qalin tukli, bandi 2–3 mm uzunlikda.
Tarqalishi: Navoiy va Buxoro viloyatlari: Quljuqtog‘ning sharqiy qismida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Shimoliy yumshoq yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: 20 tup o‘simlikdan iborat 2 ta populyatsiyasi mavjud.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva boqilishi tufayli kamayib ketgan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [313].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009