← Chuchmomadoshlar
Aralash piyoz
Chuchmomadoshlar
Yangi

Aralash piyoz

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Allium praemixtum Vved.

Maqomi: 1. Nurota va G‘arbiy Tyan-Shanning janubi-g‘arbiy qismida juda kam tarqalgan endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 150 sm ga yetadigan ko‘p yillik piyozli o‘t. Piyozi tuxumsimon, diametri 5 sm gacha, charmsimon, qizil-qo‘ng‘ir rangli qobiq bilan o‘ralgan. Poyasi g‘ovak, yarmidan pasti pufaksimon shishgan, asosi barglarning novlari bilan o‘ralgan. Barglari silindrsimon, naysimon, to‘g‘ri, uchiga qarab ingichkalashib boradi. To‘pguli sharsimon, tig‘iz. Yulduzsimon gulqo‘rg‘on bo‘lakchalari oq-yashil tomirli. Iyunda gullab, mevasi iyul oyida yetiladi.

Tarqalishi: Navoiy, Samarqand, Jizzax, Toshkent viloyatlari: Qurama, Nurota va Oqtog‘ tizmalarida tarqalgan. Tojikistonda uchraydi.

O‘sish sharoiti: Dengiz sathidan 900–1200 m balandlikda qoya toshlarning yoriqlari, toshli yonbag‘irlar va ohaktoshli yerlarda o‘sadi.

Soni: 1000 ga yaqin tupi borligi aniqlangan.

Ko‘payishi: Urug‘idan va vegetativ yo‘l bilan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Mahalliy aholi tomonidan ozuqa sifatida yig‘ib olinadi. Uning tabiiy holda ko‘payishiga ham salbiy taʼsir qiluvchi omillar bo‘lsa kerak.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida o‘stiriladi.

Muhofaza choralari: Nurota qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Manbalar. [18, 58, 362, 364].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009