← Yalpizdoshlar (Labguldoshlar)
Olga bozulbangi
Yalpizdoshlar (Labguldoshlar)
Yangi

Olga bozulbangi

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Lagochilus olgae Kamelin

Maqomi: 2. Nurota tizmasidagi kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Yarimbutacha, bo‘yi 20–50 sm. Poyalari ko‘p, oddiy yoki shoxlangan, barglari qalin. Barglari keng tuxumsimon, asosi ponasimon, patsimon bo‘lmali, tomirlari bo‘rtib turadi. Gullari bandsiz, uzunligi 25–28 mm, uchki barglarining qo‘ltiqlarida 4–6 tadan yarim xalqa bo‘lib joylashgan. Guloldi bargchalari o‘tkir, bigizsimon, yuqoriga qarab qayrilgan, kosachaga yopishgan. Kosachasi tor qo‘ng‘iroqsimon, uzun, o‘tkir uchli, qalami-nashtarsimon, naychasiga teng yoki undan sal uzun, vegetatsiyaning oxirida past ga qarab egiladi, tishchali. Gultoji oq. May oyining oxiri – iyulda gullab, mevasi iyul–avgustda yetiladi.

Tarqalishi: Nurota tizmasida o‘sadi (Jizzax, Navoiy va Samarqand viloyatlari).

O‘sish sharoiti: Tog‘larning pastki va o‘rta qismlaridagi tosh-chag‘irtoshli yonbag‘irlarda turli o‘t-shuvoqli, yirik o‘t va yarim butalardan iborat to‘plarda o‘sadi.

Soni: Kam uchraydi. Yakka-yakka holda yoki kichik guruhlar hosil qilib o‘sadi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan. Tabiatda o‘ta kam uchrashi taxmin qilinadi.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Nurota davlat qo‘riqxonasida muhofaza ostiga olingan. Manbalar. [18, 107, 159].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009