Leonurus kudrjaschevii Kamelin et Tulyag.
Maqomi: 2. Hisor tizmasidagi endemik tur.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 35–55 sm ga yetadigan, to‘g‘ri o‘suvchi, oddiy, baʼzida biroz shoxlangan ko‘p yillik o‘t. Poyasi qalin, kulrang tuklar bilan qoplangan. Bargining ikki tomoni tukli, uzunligi 3–6 sm, eni 2,5–4 sm. Gul bandidagi bargi keng rombsimon, asosi ponasimon. Gullari xalqasimon o‘rnashgan, uzunligi 3,5–9 sm. Gulyonbargchasi qalami-nashtarsimon, baʼzida uchi qayrilgan, qalin tuklar bilan qoplangan, gul kosacha bargidan biroz qisqa. Gulkosa bargining uzunligi 6–6,5 mm, qalin tukli. Gultoj bargi mayda, uzunligi 10–12 mm, rangli. Yong‘oqchasi oqish-jigarrang, uch qirrali, uchiga tomon qiyshiq, o‘tkirlashgan, uzunligi 2 mm gacha, iyunda gullab, mevasi iyulda yetiladi.
Tarqalishi: Qashqadaryo viloyati: G‘arbiy Hisorning (Beshnov tog‘i) shimoliy yonbag‘rida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘ning yuqori qismidagi shimoliy toshloq yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Aniqlanmagan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining ko‘p boqilishi tufayli kamayib ketgan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Hisor davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Manbalar. [159, 298, 299]. M. To‘laganova.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009