Phlomoides gypsacea (Popov) Adylov, Kamelin et Makhm.
Maqomi: 1. G‘arbiy Hisor tizmalaridagi juda kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 100 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyasi shoxlangan, tuksiz. Yopirma barglari uzun bandli, yirik, cho‘ziq-ellipssimon, chetlari yirik tishsimon o‘yilgan, har ikki tomoni siyrak-yulduzsimon tuklar bilan qoplangan. Poyadagi barglari qisqa bandli, eng yuqori qismidagilari esa deyarli bandsiz. Kosachasining uzunligi 16–18 mm, qo‘ng‘iroqsimon, siyrak tukli. Tojining uzunligi 25–30 mm, oq rangli. May oyida gullab, mevasi iyunda yetiladi.
Tarqalishi: Qashqadaryo viloyati: G‘uzor shahrining janubi-sharqidagi past tog‘larda tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Ochilib qolgan ola jinslarda o‘sadi.
Soni: Juda kamyob o‘simlik. Faqat bir marta 1935 yilda G‘uzor shahrining janubi-sharqi (Qorakamar atrofi)dan terilgan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘paysa kerak.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [7–9, 159].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009