← Yalpizdoshlar (Labguldoshlar)
Komarov bo‘zboshi
Yalpizdoshlar (Labguldoshlar)
Yangi

Komarov bo‘zboshi

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Dracocephalum komarovii Lipsky

Maqomi: 2. G‘arbiy Tyan-Shan va Pomir Oloydagi areali bo‘lingan, kamayib borayotgan endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 10–20 sm oralig‘idagi ko‘p yillik o‘t. Bargi uchburchak-tuxumsimon, uchi o‘tkir, asosi yuraksimon, chetlari tekis, qalin, qisqa tukli, qisqa bandli, yuqoridagilari bandsiz. Poyasi ko‘p, pastki qismi yog‘ochlanuvchan, tik yoki biroz qiyshaygan. Guli poyaning yuqori qismidagi barglarning qo‘ltig‘ida bittadan qisqa bandlarda o‘rnashgan. Tojbargi sariq. Iyul–avgustda gullab, mevasi avgust–sentyabrda yetiladi.

Tarqalishi: Toshkent va Namangan viloyatlari: Chotqol tizmasi (Qizilnura tog‘i, Maydontol va Qorabuloq daryolari vohalari hamda Orashon dovoni), Qurama tizmasi (Lashkarak, Gushsoy)da tarqalgan. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Tog‘ning yuqori qismida, toshshag‘alli tuproqlarda o‘sadi.

Soni: Tabiiy zahiralari kam bo‘lib, bir-biridan ajralgan to‘plar hosil qilgan holda o‘sadi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Mahalliy aholi gullab turgan paytida dorivor o‘simlik sifatida ko‘plab yig‘ib oladi. Yoz faslida esa bu yerlarda chorva mollari boqiladi.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: O‘simlik tarqalgan maydonlarning bir qismi Chotqol biosfera qo‘riqxonasi va Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘i hududida bo‘lib, muhofaza ostiga olingan. Manbalar. [8, 159].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009