Chesneya tribuloides Nevski
Maqomi: 3. Janubi-g‘arbiy Pomir-Oloyning kamyob endemik o‘simligi.
Qisqacha tavsifi: Baquvvat ildizli, yer bag‘irlab o‘suvchi poyalarining balandligi 30 sm gacha yetadigan ko‘p yillik o‘t. Barglari 2–3 juft yumaloq bargchalardan tashkil topgan. Guldor poyalari barglaridan kalta, alohida gulli. Gulkosachasining uzunligi 5 mm, mayda tishchali, qo‘ng‘iroqsimon. Gultoji to‘q sariq, keyinchalik qizg‘ish tusga kiradi, dukkagi 11–12 mm. May–avgust oylarida gullab, iyun–sentyabr oylarida mevalaydi.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Ko‘hitang va Kelif-Sherobod tizmalarida uchraydi. Turkmanistonda ham tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Qizil qumli tuproqlarda o‘sadi.
Soni: Mamlakatimizda 140 tupi qayd qilingan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining ko‘p boqilishi va ola tusli yer maydonlarining qisqarishi.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Surxon davlat qo‘riqxonasida muhofaza etiladi. Manbalar. [159, 310]. F. O‘. Hasanov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009