← Shirachdoshlar
Nor Shirach (xulka bola)
Shirachdoshlar
Yangi

Nor Shirach (xulka bola)

Maqomi 3 — Kamyob

Eremurus robustus Regel

Maqomi: 3. Tyan-Shan va Pomir-Oloydagi areali ajralgan va qisqarib borayotgan endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 100–250 sm ga yetadigan ko‘p yillik yirik o‘t. Ildizpoyasi qisqa, nursimon joylashgan, bo‘laklari urchuqsimon yo‘g‘onlashgan. Barglari keng qalami, eni 4–8 sm, silliq. Shingili tig‘iz, ko‘p gulli, silindr shaklda, uzunligi 35–120 sm. Guloldi bargchalari uchburchak shaklda. Shingilining pastki qismidagi gullarining bandi gulqo‘rg‘onidan 1,5–2 marta uzun. Gulqo‘rg‘on bargchalari yakka tomirli, och pushti rangli. Changchilari gulqo‘rg‘onidan biroz qisqa. Mevasi – yumaloq, silliq ko‘sakka o‘xshaydi, eni 1,5–2,5 sm. May– iyulda gullaydi, mevasi iyul–avgustda yetiladi.

Tarqalishi: Toshkent, Namangan, Jizzax, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari: G‘arbiy Tyan-Shan va Pomir-Oloyning barcha tizmalari, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘izistonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Tog‘ning o‘rta qismidagi maydajins tuproqli va toshli yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Yakka-yakka va kichik tuplar hosil qilib o‘sadi. Toshkent viloyati hududi bo‘yicha 100 000 atrofida turi bor.

Ko‘payishi: Urug‘idan va vegetativ yo‘l bilan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aholi tomonidan terib olinishi va chorva mollarining ko‘plab boqilishi tufayli kamayib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: 1954 yildan buyon O‘zR FA Botanika bog‘ida o‘stiriladi.

Muhofaza choralari: Chotqol, Zomin, Hisor, Kitob, Nurota, Surxon qo‘riqxonalarida, Ugom-Chotqol va Zomin milliy tabiat bog‘larida muhofaza qilinadi. Botanika bog‘larida ko‘paytirish lozim. Manbalar. [261, 279–282, 358].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009