Eremurus pubescens Vved.
Maqomi: 2. Janubi-g‘arbiy Pomir-Oloyga xos kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 80–100 sm keladigan ko‘p yillik o‘t. Ildizpoyasi qisqa, nursimon joylashgan, bo‘laklari urchuqsimon yo‘g‘onlashgan, eni 5–7 mm. Bargi qalami, eni 2 sm atrofida. Shingili siyrak, ko‘p gulli, uzunligi 40–55 sm. Guloldi bargchalari ingichka uchburchak shaklda, momiq tukli. Shingilidagi pastki gullarining gulbandi gulqo‘rg‘onidan 2–2,5 marta uzun. Gulqo‘rg‘on bargchalari oqish-qizg‘ish rangda. Changchilari gulqo‘rg‘on bargchalaridan qisqa. Ko‘sakchasi yumaloq, eni 1,5 sm, yupqa qobiqli. May oyida gullab, mevasi may–iyunda yetiladi.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: To‘palang, Sangardak daryolari havzasida, Boysuntog‘da va Cho‘lbayir tog‘larida tarqalgan. Tojikistonda ham uchraydi.
O‘sish sharoiti: Tog‘ning o‘rta qismidagi shag‘alli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Kichik tuplar hosil qilib o‘sadi.
Ko‘payishi: Urug‘idan va vegetativ yo‘l bilan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aholi tomonidan terib ketilishi va chorva mollarining boqilishi tufayli kamayib bormoqda.
Madaniylashtirilishi: 1961 yildan boshlab O‘zR FA Botanika bog‘ida o‘stiriladi.
Muhofaza choralari: Cho‘lbayir yoki Boysuntog‘da buyurtmaxona tashkil qilinishi lozim. Manbalar. [261, 279– 282, 358]. F. O‘. Hasanov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009