Eremurus chloranthus Popov
Maqomi: 0. Turkiston tizmasida juda kam tarqalgan, endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 60–70 sm dan oshmaydigan ko‘p yillik o‘t. Ildizpoyasi qisqa, nursimon joylashgan, urchuqsimon bo‘laklari biroz yo‘g‘onlashgan. Barglari keng-qalami, eni 15 mm. Shingili qalin, ko‘p gulli, deyarli silindrsimon, uzunligi 25–30 sm, Guloldi bargchalari uchburchak nashtarsimon, chetlari kipriksimon tukli. Shingilining pastidagi gulbandi gulqo‘rg‘onidan qisqaroq. Gulqo‘rg‘on bargchalari yakka tomirli, yashilroq rangli, uzunligi 14–15 mm. Changchilari gulqo‘rg‘onidan 1,5 marta qisqa. Ko‘sakchasi nomaʼlum. Iyulda gullaydi.
Tarqalishi: Jizzax viloyati: Turkiston tizmasidagi Guralashsoyning yuqori qismida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning yuqori qismidagi nam soz tuproqli yonbag‘irlar.
Soni: Faqatgina bir marta Guralashsoydan yig‘ilgan (1926 yil 20 iyulda). 1980–1981 yillarda olib borilgan qidirish ishlari natija bermadi. Tur yo‘qolib ketgan bo‘lishi ham mumkin.
Ko‘payishi: Maʼlumotlar yo‘q.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Zomin davlat qo‘riqxonasida saqlanadi. Manbalar. [261, 240, 279–282, 358].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009