Maqomi 2. Hisor tog‘ining g‘arbiy tarmoqlarida tarqalgan kamyob tur.
Qisqacha tavsifi. Bo‘yi 1 m ga yetadigan po‘stlog‘i qo‘ng‘ir rangli buta. Bargchalari 6-9 juft, cho‘ziq va cho‘ziq-dumaloq shaklda, uchi biroz o‘tkir, ustki tomoni deyarli tuksiz, pastki tomoni siyrak tukli. Gulpopugi tig‘iz, tuxumsimon, uzunligi 5 sm atrofida. Dukkagi bandsiz, cho‘ziq yoki tasmasimon, uzunligi 12-18 mm, eni 4 mm, mayda-mayda, o‘tkir uchli, qalin va qora yarim yotiq hamda uzun va siyrak oq tuklar bilan qoplangan. Iyun-iyulda gullab, iyul-avgustda meva beradi.
Tarqalishi. Qashqadaryo viloyati: G‘arbiy Hisor tizmasining Ko‘l va Shut qishloqlari tevaraklarida tarqalgan. Tojikistonda ham uchraydi.
O‘sish sharoiti. Mayda jins tuproqli yonbag‘irlarda tog‘larning o‘rta qismidagi na’matak va archazorlarda o‘sadi.
Soni. Yakka-yakka holda tarqalgan.
Ko‘payishi. Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari. Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi. Bu haqda ma’lumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari. Hisor davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi.
Manbalar. [109,159].
A. S. Esonqulov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009