Oxytropis tyttantha Gonsch.
Maqomi: 3. Hisor tizmasida tarqalgan endemik tur.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 10–20 sm, poyasiz ko‘p yillik o‘t. Bargining uzunligi 8–10 sm; bargchalari 15–25 juft, tuxumsimon cho‘ziq, baʼzan keng yoyilgan, o‘tkir uchli, uzunligi 5–12 mm li nishlar bilan, baʼzan to‘mtoq, dag‘al oq tuklar bilan qoplangan. Gulpopugi kalta, zich, tuxumsimon yoki yumaloq, uzunligi 1,5–2 sm, eni 1–1,5 sm, 10–15 gulli. Kosachasi qo‘ng‘iroq yoki naysimon qo‘ng‘iroq, uzunligi 5 mm, dag‘al yarim yotiq tukli. Dukkagining bandi 2 mm atrofida, cho‘ziq, uzunligi 10–15 mm, tumshuqchasi 2–3 mm uzunlikda, sal egilgan, bigizsimon. Avgust-sentyabr oylarida gullab, mevasi sentyabrda yetiladi.
Tarqalishi: Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari: Hisor tizmasida Qashqadaryo, To‘palang, Sangardak daryolari havzalarida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘ning o‘rta va yuqori qismlaridagi toshli va mayda tuproqli yonbag‘irlarda, yuzasi ochilib qolgan qizil tuproqlarda o‘sadi.
Soni: Yakka-yakka holda tarqalgan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [10, 47, 76, 304, 305]. F. O‘. Hasanov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009