Phlomidoschema parviflorum (Bеnth.) Vved.
Maqomi: 0. Shimoli-g‘arbiy Pomir-Oloydagi kamyob tur.
Qisqacha tavsifi: Ko‘p yillik o‘t, halqasimon shoxlangan tukli, gulyonbargchasiz. Poyasi bir nechta, eng pastki qismi yog‘ochlanuvchi, tubidan shoxlangan, balandligi 30–50 sm. Barglari cho‘ziq yoki yuqoridagilari nashtarsimon, uchi o‘tkirlashgan, butun, bandsiz. Gullari bandsiz, 2–4 tadan yuqori barglarning qo‘ltig‘ida joylashgan, kosachasining uzunligi 4 mm, uchburchak, yumshoq tishchali, naychasidan 3 marta qisqa. Gultoji oqish, kosachasidan sal uzun. Yong‘oqchasi deyarli sharsimon. Iyunda gullab, mevasi iyulda yetiladi.
Tarqalishi: Samarqand viloyati: Zarafshon tizmasi (Toshboshi, Urgut)da tarqalgan. O‘zbekistondan tashqari Afg‘oniston va Shimolig‘arbiy Hindistonda uchraydi.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi toshli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Yakka-yakka holda va kichik guruhlar hosil qilib o‘sadi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Ko‘p miqdorda chorva boqilishi tufayli kamayib ketgan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [159, 300].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009