Phlomoides tschimganica (Vved.) Adylov, Kamelin et Makhm.
Maqomi: 1. Chotqol tizmasidagi deyarli yo‘qolgan tur.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 40–50 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyasi ikkita, oddiy. Yopirma barglari ko‘p, keng tuxumsimondan to nashtarsimongacha, chetlari yirik tishsimon o‘yilgan. Poyadagi barglari 1 juft, cho‘ziq nashtarsimon. Gullari bandsiz, ko‘p gulli halqa hosil qilib o‘rnashgan. Guloldi bargchalari bigizsimon-qalami, kosachasiga teng. Kosachasining uzunligi 12 mm, qalin yulduzsimon tuklar bilan qoplangan. Kosachasidagi tishlarining uzunligi 4–5 mm. Tojining uzunligi 20 mm, binafsha rangli. Iyulda gullab, mevasi avgust oyida yetiladi.
Tarqalishi: Toshkent viloyati: Katta Chimyon tog‘ida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘ yonbag‘irlarida o‘sadi.
Soni: Bu tur 1926 yili Katta Chimyon tog‘idan terilgan. Yagona nusxa asosida tavsiflangan.
Ko‘payishi: Maʼlumotlar yo‘q.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumot yo‘q.
Muhofaza choralari: Muhofaza qilinmaydi. Manbalar. [7–9, 159, 293].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009