Astragalus tupalangi Gontsch.
Maqomi: 1. Pomir-Oloyda o‘sadigan kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 35 sm atrofida, poyasiz, yer osti poyasi yo‘g‘on, qisqa shoxli ko‘p yillik o‘t. Bargining uzunligi 20–30 sm, bargchalari 12– 13 juft, tuxumsimon, 20–27 mm uzunlikda, ustki tomoni tuksiz, faqat pastki tomonidagi tomirlari siyrak, dag‘al tuklar bilan qoplangan, chetlari dag‘al, kipriksimon tukli. Gulpopugi momiq va g‘ovak, ko‘p gulli, uzunligi 6–7 sm. Gulbandining uzunligi 2–3 mm. Kosachasi naysimon, uzunligi 20 mm, tuksiz, faqatgina kosacha barglarining chetlari dag‘al kipriksimon tukli. Gultoji och sariq rangli. Dukkagi deyarli bandsiz, cho‘ziq-tuxumsimon, uzunligi 11–12 mm, eni 7 mm. May oyida gullab, mevasi iyun oyida yetiladi.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Hisor tizmasi: To‘palang daryosi havzasida tarqalgan. Tojikistonda ham uchraydi.
O‘sish sharoiti: Tog‘ning pastki va o‘rta qismidagi toshloq va yuzaga chiqib qolgan xarsang toshlarning yoriqlarida o‘sadi.
Soni: Yakka-yakka holda uchraydi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [109, 133]. F. O‘. Hasanov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009