← Yalpizdoshlar (Labguldoshlar)
Bo‘g‘iztukli eremostaxis
Yalpizdoshlar (Labguldoshlar)
Yangi

Bo‘g‘iztukli eremostaxis

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Eremostachys eriolarynx Pazij et Vved.

Maqomi: 1. Qizilqumdagi juda kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 20–30 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t. Ildizi sholg‘omsimon. Poyasi qalin, oddiy hurpaygan tuklar bilan qoplangan. Yopirma barglari keng tuxumsimon, qisqa bandli, yaprog‘ining chetlari tishsimon o‘yilgan, oddiy tukli. Poyadagi barglari yopirma barglarga o‘xshash, lekin maydaroq. Gullari mayda, yarim halqa bo‘lib guloldi bargchalari qo‘ltig‘ida o‘rnashgan. Kosachaning uzunligi 20–25 mm, karnaysimon, qaytaqisi keng, oddiy va siyrak bezchasimon tuklar bilan qoplangan. Tojining uzunligi 28–31 mm, oq rangli, pastki labi sariq. Toj nayining tashqi tomoni tuksiz, ichi esa tukli halqaga ega. May oyida gullab, mevasi iyunda yetiladi.

Tarqalishi: Buxoro viloyati: Qizilqumda tarqalgan. Qozog‘istonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Tekisliklardagi sur-qo‘ng‘ir tusli tuproqlarda o‘sadi.

Soni: Birinchi marta 1871 yil 5 mayda Karak cho‘lidan va shu yil Karak tog‘ining sharqiy etaklaridan terilgan (Chimkent viloyati). Oxirgi bor 1956 yili G‘ijduvon tumaniga qarashli Yangiquduq yaqinidan topilgan (Buxoro viloyati). So‘nggi yillarda bu turni topish uchun uyushtirilgan ekspeditsiyalar natijasiz tugagan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining haddan tashqari ko‘p boqilishi uning o‘sishiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumot yo‘q.

Muhofaza choralari: Muhofaza qilinmaydi. Manbalar. [6, 61, 115].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009