Scutellaria holosericea Gontsch. ex Juz.
Maqomi: 1. G‘arbiy Pomir-Oloydagi kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 45 sm gacha yetadigan ko‘p poyali, qalin tuklar bilan qoplangan yarimbuta. Barglari yirik, uzunligi 4 sm, uchburchak tuxumsimon, chetlari tishsimon o‘yilgan, mayin tukli. To‘pguli uzun, shoxlangan. Gullari qisqa bandli, bittadan guloldi barglarining qo‘ltig‘iga o‘rnashgan. Toji och havorang, pastki labida binafsha rangli dog‘lari bor. Iyun–iyulda gullab, iyul– avgust oylarida mevasi yetiladi.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Hisor tizmasi (To‘palang daryosining Hurvatan va Shatrut irmoqlarining o‘ng qirg‘oqlari hamda Qultepasoyning janubi-g‘arbiy yonbag‘irlari)da tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning yuqori qismida granitli qoyalarda o‘sadi.
Soni: Juda kam uchraydi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumot yo‘q.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [4, 159, 355]. F. O‘. Hasanov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009