Cephalopodum hissaricum Pimenov
Maqomi: 1. Hisor tizmasidagi kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 30–50 sm ga yetadigan ko‘p yillik, monokarp o‘t. Poyasining tubi 2–3 sm gacha bargbandining qoldiqlari bilan qoplangan, yuqori qismi shoxlangan. Yopirma barglari ko‘kimtir, patsimon bo‘lingan, yaproq uchidagi bo‘laklari qalami-nashtarsimon, uzunligi 0,5–1,5 sm, eni 0,1–0,2 sm. Soyaboni 12–20 tacha shuʼlali, diametri 5–7 sm, o‘rama barglari yo‘q. Soyabonchalari yumaloq. Tojbarglarining rangi aniq emas. Mevasi iyul oyida yetiladi.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Hisor tizmasining janubiy yonbag‘irlari (To‘palang daryosi havzasi)da tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘ning o‘rta qismidagi daraxt va butazorlar orasida, qoyalarning yoriqlarida o‘sadi.
Soni: Aniqlanmagan. Bir marta yig‘ilgan xolos.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi degan taxmin bor.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [159].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009