Sphaenolobium tenuisectum (Korovin) Pimenov
Maqomi: 2. G‘arbiy Tyan-Shanning kamyob va endemik o‘simligi.
Qisqacha tavsifi: Ko‘p yillik monokarp o‘t o‘simlik, balandligi 40–100 sm. Ildizpoyasi shoxlangan. Barglari uzun barg bandlarida joylashgan ildizoldi barglaridan iborat; yaproqlari keng rombsimon, ikki va uch karra qirqilgan bo‘laklari uzun bandchalarda joylashgan, uchidagi bo‘laklari uzunchoq, uzunligi 10 mm, kengligi 1,5 mm. Soyabonlari 5–10 shuʼlali, o‘rama barg va bargchalari butun yaproqchalardan tashkil topgan. Kosachasi tishchalari kalta. Gultoji och sariq, tuxumsimon, 15 mm uzunlikda. Mevasi 6,5 mm uzunlikkacha, tuxumsimon-lanset shaklida, tuksiz. Iyulda gullab, avgust-sentyabrda mevalaydi.
Tarqalishi: Toshkent viloyati: Qorjontov, Piskom va Ugom tizmalari. O‘zbekistondan tashqarida: Qozog‘iston.
O‘sish sharoiti: Shag‘alli yonbag‘irliklar va qoyalarning yoriqlarida o‘sadi (d. s. b. 1500– 2400 m).
Soni: Yakka-yakka o‘sadi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: O‘sish joylari Ugom- Chotqol milliy tabiat bog‘ining hududida joylashgan. Manbalar. [234].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009