Cousinia haplophylla Tscherneva
Maqomi: 2. Hisor tizmasining janubi-g‘arbiy tarmoqlarida tarqalgan kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 80 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyasi kulrang qalin tukli, o‘rta qismi qalin shoxli, yakka kallakli. Barglari charmsimon, har ikki tomoni kulrang-yashil, qalin tukli. Poyadagi barglari yuqoriga qarab kichrayib boradi, pastki qismidagi barglari bandsiz yoki qisqa bandli, teskari nashtarsimon, patsimon qirqilgan, chetlari jingalaksimon. Savatchasi yumaloq, diametri 18–20 mm, chalkash tukli. O‘rama bargchalari ko‘p, hurpaygan, qirrali. Iyun–iyul oylarida gullab, mevasi avgustda yetiladi.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Cho‘lbayir tog‘larida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta va yuqori qismidagi toshli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Tabiatda juda kam tarqalgan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [321, 324, 325, 327]. G‘. M. Shermatov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009